Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir oldidan ta’lim muassasalari rahbarlari Rustam Xatamov va Muzaffar Komilov o‘zaro muloqot qilib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuvda mintaqamiz va jahonda geosiyosiy jarayonlar tobora keskinlashayotgani, yoshlarni buzg‘unchi mafkuraviy ta’sirlardan asrash dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Bunday murakkab sharoitda diniy ekstremizm va radikalizm tahdidlaridan ogoh bo‘lish, yot g‘oyalar va ma’naviy xurujlarning oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida huquqiy-ma’rifiy targ‘ibotlar ta’sirchanligini oshirish, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘quv muassasalari rahbarlari tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish ijobiy natija berishini ta’kidlab, hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatni imzoladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori hamda magistratura tinglovchilari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi. Tadbirda hozirgi paytda kuchayib borayotgan tahdid va xatarlar, diniy ekstremizm va radikalizm bilan bog‘liq muammolar, terrorizmning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ta’siri, turli buzg‘unchi g‘oyalarning tarqalishida asosiy omil bo‘layotgan jihatlar, radikalizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Shu kuni akademiya rektori o‘quv dargohi faoliyati bilan tanishib, kadrlar tayyorlash jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga qaratilgan mexanizmlar, ta’limni raqamlashtirish borasidagi yutuqlarni ijobiy baholadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati