Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Akademiyaga Gonkong delegatsiyasi keldi

04 Iyun 2024, 01:06

657

Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga XXR Gonkong maxsus ma’muriy hududi politsiyasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab milliy an’аnalar ruhida qad rostlagan axborot-resurs markazida bo‘lishdi. Majmuaning o‘ziga xos mahobati, zamonaviy imkoniyatlari, buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi va sohibqiron Amir Temur nomi bilan ataluvchi vatanparvarlik xonalari, tarixiy siymolarimizning dunyo ilm-fani va madaniyatiga qo‘shgan beqiyos hissasi delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng xorijlik mehmonlar ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun maxsus jihozlangan mobil transport vositalarini ko‘zdan kechirdilar. Jangovar va jismoniy tayyorgarlik majmuasida akademiya sportchilarining yutuqlari bilan tanishib, ko‘rgazmali chiqishlarni tomosha qildilar.

Shu kuni ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov delegatsiya a’zolarini qutlab, O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etdi.

– Keyingi yillarda hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, strategik sheriklik darajasiga yetdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar barcha muhim sohalarni qamrab olgani e’tiborga molik. Muhimi, ikki tomonlama munosabatlar yuksak ishonch va do‘stlik ruhida jadal rivojlanmoqda, – dedi akademiya boshlig‘i.

Muloqot chog‘ida Xitoyning nufuzli turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashinuvining yo‘lga qo‘yilgani kadrlar tayyorlash samaradorligiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Xitoy sarmoyasi asosida “Innovatsion ta’lim fondi”ning barpo etilayotgani manfaatli hamkorlik yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgani e’tirof etildi.

 Delegatsiya rahbari, Gonkong maxsus ma’muriy hududi politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Chen Szyun Shen samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari bugungi murakkab sharoitda dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, mazkur tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yanada faollashtirishga muhim turtki bo‘lishini ta’kidladi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar yuzasidan fikr almashildi. Mavjud salohiyatni ishga solgan holda hamkorlikni kengaytirish, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Gonkong politsiya akademiyasi o‘rtasida keng qamrovli tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish zarurligi aytib o‘tildi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari Ta’lim sifatini nazorat va monitoring qilish markazi, magistratura faoliyati, shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markazini ko‘zdan kechirib, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, tinglovchi-kursantlar va xodimlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.

Gonkong maxsus ma’muriy hududi politsiyasi vakillarining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech