Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Akademiyada “Ekobog‘” yaratildi

21 Noyabr 2023, 09:11

715

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ekobog‘” barpo etildi.

Xayrli tashabbusda O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev va ta’lim maskani jamoatchiligi faol ishtirok etdi. Yangi bog‘ uchun ajratilgan maydonda hashar ishlari amalga oshirilib, 300 tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Shu kunning o‘zida “Yashil taraqqiyot uchun kurashamiz!” mavzuida uchrashuv o‘tkazildi. Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida yurtimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar e’tirof etildi.

– Ona tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish – har birimizning insoniy burchimizdir. Bu yo‘ldagi ezgu say’-harakatlar natijasida poytaxtimiz hududida yana bir bog‘ barpo etildi. Yangi bog‘ga yaxshi niyat va maqsadlar bilan nihol ekdik. Professor-o‘qituvchilar va kursant yoshlarning faol hissa qo‘shgani meni juda quvontirdi, – dedi Ekologik partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev.

Tadbirda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar tobora dolzarb bo‘lib borayotgani, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga munosabatda har bir fuqaroning shaxsiy daxldorligini oshirish yashil taraqqiyotga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek soha mutaxassisi ekotizimga xavf tug‘dirayotgan omillar, tabiat va inson o‘rtasidagi muvozatning buzilishi, iqlim o‘zgarishlarida inson omilini kamaytirish masalalari xususida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech