IIV Akademiyasi kursantlarining sud vakillari bilan muloqoti juda foydali o‘tdi.
Kursantlar dastlab jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rilgan muhokamada ishtirok etdilar. Unda Jinoyat kodeksi 276-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi hamda 169-moddasi to‘rtinchi qismining “b” bandi bilan ayblangan fuqarolarning qonunga xilof qilmishlari ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonidan so‘ng sudya M.Kukiyev va M.Qayumovlar hamda tuman prokurori o‘rinbosari K.Allayorova ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Soha vakillari sud-huquq tizimidagi islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, kursantlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
* * *
Akademiya magistraturasi tinglovchilari tomonidan IIV qoshidagi 1-sonli akademik litseyda huquqiy targ‘ibot o‘tkazildi.
Tadbir Prezidentimizning “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-son qarorida nazarda tutilgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi.
O‘quvchi yoshlar mazkur qaror asosida amaliyotga tatbiq qilingan yangiliklar, xususan, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy hamda kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishida belgilab berilgan chora-tadbirlar haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
* * *
IIV Akademiyasida faoliyat yuritayotgan haydovchilar uchun qisqa muddatli seminar-trening tashkil qilindi.
Xodimlarning yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilish madaniyatini oshirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tinishtirish maqsadida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarni Avtomobil tayyorgarligi kafedrasi o‘qituvchilari olib bordi.
Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashning asosiy mezonlari va talablari, ilg‘or davlatlar tajribasi, mavjud muammolar hamda ularning yechimlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar haydovchilarning kasbiy madaniyatini oshirishga xizmat qildi.
* * *
Jamoat xavfsizligi universitetida malaka oshirayotgan milliy gvardiya hududiy organlari xodimlari uchun profayling texnologiyasi bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi.
Mashg‘ulotni IIV Akademiyasining Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyati kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Rustam Dushanov olib bordi. Tajribali mutaxassis jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda profayling metodini qo‘llashning samarali jihatlariga batafsil to‘xtalib, tinglovchilar bilan psixologig treninglar o‘tkazdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati