Milliy adabiyotimizni ikki buyuk ijodkor – Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor ijodisiz tasavvur qilish qiyin. Har ikki adib ham sermahsul ijod yo‘lini bosib o‘tdi va kelajak avlodlar uchun boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi.
IIV Akademiyasi kursantlari poytaxmizdagi Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor uy-muzeylariga sayohat qilishdi. Ma’naviy tadbir davomida adabiyotimiz darg‘alarining hayotidan so‘zlovchi turli eksponatlar, esdalik suratlar, nodir kitoblar, qo‘lyozmalar haqida so‘zlab berildi. Adiblarimiz asarlarining tarbiyaviy jihatlari, ular xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar kursantlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
* * *
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan davra suhbati kursantlarning xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbirda so‘z olganlar xalqaro munosabatlarni o‘rnatish tartibi, asosiy tamoyillar, diplomatik protokol va etiket qoidalari, bu borada to‘plangan ijobiy tajribalar haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
* * *
Akademiyada jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ixtisoslik kafedralari professor-o‘qituvchilari, kursantlar hamda sirtqi ta’lim yo‘nalishi tinglovchilari ishtirokida o‘tgan majlisda Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi bilan ayblangan shaxs sodir etgan qilmishlar muhokama qilinib, unga nisbatan tegishli hukm chiqarildi. Shundan so‘ng, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi.
Soha vakillari mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ustuvor ahamiyatiga batafsil to‘xtalib, yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati