“Innovative Academy RSC” ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab- quvvatlash markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda eng faol yoshlar taqdirlandi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda IIV Akademiyasi vakillari ham qatnashdi.
Tadbirda intellektual salohiyati, faol tashabbus va izlanishlari bilan yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh yoshlar turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi. Jumladan, Akademiyaning Ma’muriy huquq kafedrasi boshlig‘i, dotsent Jahongir Yuldashev “Eng faol hamkor”, kafedra o‘qituvchisi Shohrux Qushboqov esa “Eng yaxshi innovator” nominatsiyalarini qo‘lga kiritdi. Taqdirlash marosimidan so‘ng “Innovative Academy RSC” ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda IIV Akademiyasining Ma’muriy huquq kafedrasi o‘rtasida hamkorlik kelashuvi imzolandi.
* * *
Akademiyaning Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyati kafedrasi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligining Toshkent viloyatidagi akademik litseyida mahorat mashg‘uloti o‘tkazildi.
Litsey pedagogik jamoasi ishtirok etgan mashg‘ulotda ta’lim-tarbiya jarayonida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, ayniqsa o‘quvchilarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samarali yondashuvlari, zamonaviy ta’limda qo‘llanilayotgan ilg‘or pedagogik metodlar, axloqiy fazilatlarni shakllantirishda buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’rifiy merosining ahamiyati, yosh avlod qalbiga “vatanparvarlik”, “burchga sadoqat”, “fidoyilik”, “mardlik”, “jasorat” kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatini chuqurroq singdirishda oila, ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligining o‘rni, shuningdek yoshlarga oid davlat siyotining ustuvor yo‘nalishlari borasida fikr-mulohaza almashildi.
Mashg‘ulot davomida Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi asosida Akademiya ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan yangi mexanizmlar taqdimot tarzida namoyish qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati