IIV Akademiyasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda UNODC loyihalari doirasida terrorizm, odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar va noqonuniy qurol savdosining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, global tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashish, ta’lim dasturlarini amalga oshirish va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
* * *
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qator vazirlik va idoralar mas’ul vakillari, IIV Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari ishtirok etgan yig‘ilishda yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi masalalari, qo‘mita tomonidan mazkur sohada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
* * *
Akademiya xodimlari va tinglovchi-kursantlari uchun tashkil etilgan yarmarkada 2 mingdan ortiq kitoblar savdoga qo‘yildi.
Kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlar, ayniqsa yosh avlodning kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda poytaxtimizdagi yetakchi nashriyotlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
* * *
Akademiyaning Oliy ta’limdan keyingi ta’lim fakultetida 8 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktorantura hamda mustaqil izlanuvchilikka kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga binoan, suhbat tarzida o‘tkazilgan imtihonda 50 nafar talabgor ishtirok etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati