IIV Akademiyasida “Voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida psixologik jarayonlarning mohiyati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi professor-o‘qituvchilari, mazkur ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar ishtirok etgan tadbirda psixolog olima Shoiraxon Isoqova o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Taniqli mutaxassis farzand kamolotida psixologik tarbiyaning o‘rni, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashning murakkab xususiyatlari, bu davrga xos psixologik jarayonlar haqida to‘xtalib, bo‘lajak profilaktika inspektorlariga muhim tavsiyalar berdi.
* * *
Ichki ishlar organlarida “Intizom oyligi” doirasida Akademiya kunduzgi ta’lim 2-o‘quv kursi kursantlari o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Tadbir kursant yoshlarning bilim salohiyati va tanlagan kasbiga sadoqatini yuksaltirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilindi. Unda har bir otryaddan bittadan jamoa ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlovning birinchi sharti savol-javob tarzida o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi shartda har bir jamoa tomonidan erkin mavzudagi sahna ko‘rinishi namoyish etildi. So‘nggi shartda esa Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi bo‘yicha bilimlar sinovdan o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 5-otryadning “Legenda” jamoasi ko‘rik-tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati