IIV Akademiyasida buyuk mutaffakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifiy tadbirda jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan qomusiy olimning hayot yo‘li, olamshumul kashfiyot va asarlari, kelajak avlodlar uchun qoldirgan ilmiy merosi haqida ma’lumot berildi. Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi kursantlarga ma’naviy ozuqa berdi.
* * *
IIV Akademiyasi vakillari tomonidan “Adabiyot yashasa – millat yashaydi” shiori ostida o‘quvchi yoshlar uchun targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 338 va 121-sonli o‘rta umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan adabiyot darsida Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf singari milliy adabiyotimiz namoyandalarining hayoti va ijodiy faoliyati, asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar o‘quvchilarga yetkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida kapitan Odilbek O‘rinov, 3-o‘quv kursi kursantlari Husniya Umurzoqova va Javohir Vafoyev tomonidan IIV Akademiyasida yaratilgan sharoitlar, ta’lim yo‘nalishlari va amaliyotga tatbiq qilingan yondashuvlar haqida so‘zlab berildi.
* * *
Rossiya Federatsiyasi IIV Nijegorod akademiyasi bilan hamkorlikda “Ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini tashkil etish” mavzusida onlayn master-klass mashg‘uloti o‘tkazildi.
Akademiyaning “Tezkor-qidiruv faoliyati” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va ushbu yo‘nalishda ta’lim olayotgan kursantlar qatnashgan mashg‘ulotni Nijegorod akademiyasi dotsenti V. Bessonov olib bordi.
Tajribali mutaxassis “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Rossiya Federatsiyasi qonunining mazmun-mohiyati, tezkor-qidiruv faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, bu borada davlat organlarining vakolatlari va boshqa mavzularga batafsil to‘xtaldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati