IIV Akademiyasining Jinoyat huquqi kafedrasi tomonidan tashkil qilingan davra suhbati Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlandi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy choralari” mavzuida o‘tgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va kursantlar qatnashdi.
Muloqot chog‘ida korrupsiyaviy jinoyatlar, ushbu illatning rivojlanish sabablari va shart-sharoitlari, korrupsiyaga barham berishning asosiy omillari, mazkur faoliyatga doir xalqaro va milliy qonunchilikning muhim jihatlari, bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari, mavjud muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari xususida fikr-mulohaza almashildi.
Davra suhbati kursantlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
* * *
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-sonli o‘rta umumta’lim maktabida dyuzdo bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi Shahzodbek Rahmatjonov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
IIV Akademiyasining Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi tomonidan tashkil qilingan tadbirda taniqli sportchi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘quvchi yoshlar yurtimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, nogironligi bo‘lgan sportchilarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik, umidli sportchimizning respublika va xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari, kelajak orzulari haqida qiziqarli suhbat guvohi bo‘lishdi.
Tadbir so‘nggida sport ustasi shashka bo‘yicha master-klass o‘tib, uning turlari va qoidalari yuzasidan o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
* * *
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Chet tillari kafedrasi o‘qituvchisi Dilbar Hasanova IIV Akademiyasida interfaol mashg‘ulot o‘tkazdi.
Yosh pedagog xodimlar va tadqiqotchilar qatnashgan mashg‘ulot davomida ingliz tilida erkin muloqot qilish va yozish ko‘nikmalari shakllantirildi. Tajribali mutaxassis til o‘rgatishning samarali yondashuvlarini qo‘llagan holda mavzuning dolzarb jihatlarini tushuntirib o‘tdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati