Davlatimiz rahbarining qarori asosida tashkil etilgan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi murakkab ekspertizalarni o‘tkazishga ixtisoslashgan muassasa hisoblanadi.
IIV Akademiyasi kunduzgi ta’limining 2-bosqich kursantlari ushbu markazda bo‘lib, uning faoliyatini o‘rgandilar. Bo‘lajak kriminalistlarga sud-tibbiy ekspertiza faoliyatini zamon talablari darajasida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mazkur muassasada yo‘lga qo‘yilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng malakali mutaxassilar tomonidan voqea joyida qoldirilgan biologik ashyoviy dalillarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha sayyor mashg‘ulot o‘tkazildi. Kursantlar amaliyotda duch kelishlari mumkin bo‘lgan holatlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
* * *
IIV Akademiyasi kunduzgi ta’limining “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi kursantlari Toshkent davlat yuridik universitetida bo‘lishdi.
Yuridik ta’lim sohasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida mamlakatimiz sud-huquq tizimi uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari, universitetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xususan, o‘qitishning o‘ziga xos yondashuvlari haqida tushuncha berildi. Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida yosh olimlar safini kengaytirish, ayniqsa huquqni qo‘llash amaliyotidagi dolzarb muammolarni ilmiy jihatdan tadqiq etishga qaratilgan tizimli ishlar kursantlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
* * *
IIV Akademiyasining Psixologik ta’minlash markazi tomonidan kunduzgi ta’lim 1-bosqich kursantlari uchun motivatsion trening o‘tkazildi.
Mashg‘ulot yoshlarning vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, Vatan va xalq manfaatlariga xizmat qilish sharafli burch ekanini anglatish, ularda yuksak kasbiy fazilatlarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi. Muloqot tarzida o‘tgan tadbirda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida soha xodimlaridan talab etiladigan fazilatlar bo‘yicha zarur tavsiyalar yetkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati