Yangi O‘zbekiston yoshlari bugun mamlakatimizning hal qiluvchi kuni, tom ma’noda, ertangi kunimizning munosib davomchilariga aylanib bormoqda.
Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tanlov joriy yilning 1-iyunidan 15-noyabriga qadar davom etdi. Mazkur jarayonda 80 nafardan ortiq talabgor ishtirok etdi va yakunda beshta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ular orasida IIV akademiyasi kursanti Toshmurod Abdurahmonov “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Quvonarlisi, iqtidorli kursantimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni”da ham munosib ishtirok etdi.
Ikki bosqichda (test va suhbat) tashkil qilingan tadbirda 210 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Tanlovning birinchi bosqichida test savollariga eng tez va eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan jami 90 nafar ishtirokchining ijodiy savolga javoblari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, shundan 31 nafari final bosqichida ishtirok etdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tanlov yakunida Toshmurod Abdurahmonov faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati