Ochiq muloqot yangilanayotgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ichki ishlar organlari tizimidagi keng qamrovli o‘zgarishlar, ta’limdagi yangilanishlar va yosh avlod vakillari uchun yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlarga bag‘ishlandi.
O‘quv muassasasi rahbari Rustam Xatamov yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof etilayotganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda barcha sohalar singari ichki ishlar organlarida ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tizimni chinakam xalqchil tuzilmaga aylashtirish maqsadida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, aholining tinch-osuda hayotini ta’minlash faoliyati yanada takomillashtirildi.
Akademiya rahbari soha uchun kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbarining qarorlari asosida ta’lim jarayoni tubdan isloh qilingani, zamonaviy yondashuv va mexanizmlar joriy etilgani, kursantlarning bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishi, xorijiy tillar va xalqaro tajribaning ilg‘or yutuqlarini o‘rganishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.
– Muhtaram Prezidentimiz har gal hududlarga tashrif buyurganlarida, “mahalla yettiligi” a’zolari, ayniqsa profilaktika inspektorlari bilan muloqot qiladilar. Soha vakillariga xalqimizni rozi qilish, oilalardagi muammolarni manzilli hal qilish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish yuzasidan zarur tavsiyalar beradilar. Shuning o‘ziyoq, tizim xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklamoqda. Shu bois, ta’lim jarayonida kursantlarimizni har tomonlama professional kadr etib tayyorlashga alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi Akademiya rahbari.
Muloqot davomida yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanish, davr ruhiga mos ravishda o‘qib-izlanish, xizmat intizomi va qonuniylikka so‘zsiz rioya etish, kelgusida ona Vatanimizning eng fidoyi farzandi sifatida halol va vijdonan xizmat qilish, yurtimiz taqdiriga daxldor bo‘lish yuzasidan tavsiyalar berildi. O‘z iqtidori va salohiyati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan qator yoshlarning turli jabhalarda erishayotgan yutuqlari e’tirof etildi. Faol va tashabbuskor kursantlar so‘zga chiqib, amalga oshirilayotgan ezgu va samarali ishlar haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati