Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Profi University” xususiy oliy ta’lim muassasasi rektori, akademik G‘ayrat Shoumarov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etgan tadbirda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni, inson resurslarini rivojlantirish, yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning dolzarb talablari, bu borada belgilab olingan ustuvor maqsad va vazifalar haqida so‘z bordi.
Uchrashuv mehmoni oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga to‘xtaldi. Hozirgi globallashuv sharoitida yurtimiz yoshlari fan va innovatsiya yutuqlaridan xabardor bo‘lishlari, bilim, intellektual salohiyat bo‘yicha zamon bilan hamnafas bo‘lishlari kerakligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida akademik olim insonning shaxs sifatida shakllanishida psixologik bilimlarning ahamiyati, zamonaviy psixologiya yutuqlari, sohani tadqiq qilishning ilmiy-amaliy jihatlari xususida mulohaza yuritdi. Ko‘p yillik boy tajribasidan kelib chiqib mazkur yo‘nalishda ta’lim olayotgan yoshlarga tavsiyalar berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati