Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

AKADEMIYA BOSHLIG‘I BITIRUVCHILAR BILAN UCHRASHDI

26 Iyun 2022, 07:06

1607

23-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov o‘quv dargohini tamomlayotgan bitiruvchi kurs vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir avvalida xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqelik bo‘layotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati yoshlarga atroflicha yetkazildi. Akademiya boshlig‘i xalqimiz xohish-irodasi va orzu-istaklari asosida Bosh qomusimizga kiritilayotgan barcha o‘zgarishlar zamirida, eng avvalo, “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya mujassam ekani, shu bois mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yoshlarimiz Konstitutsiyani takomillashtirishda faol qatnashishi lozimligini aytdi.

Ochiq muloqotda izchil islohotlar jarayonida yangi avlod ichki ishlar organi xodimlari zimmasidagi ustuvor maqsad va vazifalar haqida fikr almashildi. Ta’lim maskani rahbari so‘nggi yillarda tizim faoliyati tubdan isloh qilingani, sohani xalq manfaatlariga xizmat qiladigan professional tuzilmaga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilganini e’tirof etdi. Tub islohotlar davrida soha uchun kadrlar tayyorlash, xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ayniqsa xizmat va yashash sharoitini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgani aytildi.

Akademiya boshlig‘i davlatimiz tomonidan yaratilayotgan ulkan imkoniyat va shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim yosh xodimlarning salbiy illatlarga qo‘l urib, tizim sha’niga putur yetkazayotganini aniq misollar bilan keltirib o‘tdi. O‘qishni tamomlash arafasida turgan kursantlar bu kabi salbiy holatlardan ogoh bo‘lib, kasb mashaqqatini mardonavor yengib o‘tishlari, ichki ishlar organi xodimi nomiga har tomonlama munosib bo‘lib, zimmalaridagi yuksak ishonchni sharaf bilan uddalashlari lozimligi ta’kidlandi.

 Tadbir yakunida Akademiyani a’lo baholarga bitirgan bir guruh kursantlar Otabek Hasanovning “Liderlar kitobi” risolasi bilan taqdirlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech