O‘zbek tili bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan tadbirda ma’rifatparvar bobolarimizning ona tilimiz ravnaqi yo‘lidagi jasoratli xizmatlari yodga olindi.
Adabiyot kechasida Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, tilshunos tadqiqotchilar, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari yig‘ildi.
– Ona tilimizning bebaho ma’naviy boylik sifatida bugungi avlodlarga yetib kelishida ma’rifatparvar bobolarimizning beqiyos xizmati bor. Ularning hayoti va ijodini o‘rganish, ilmiy merosidan ko‘proq bahramand bo‘lish jonajon tilimizning hayotbaxsh qudrati va boy imkoniyatlarini teranroq anglashga yordam beradi, – dedi ichki ishlar vaziri maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidbek Ro‘ziyev.
Tadbirda Abdulhamid Cho‘lpon asarlarining o‘ziga xos jozibasi, atoqli adibning o‘zbek tili va adabiyotini asrab-avaylash yo‘lidagi jonkuyarligi, millat ma’naviyatini yuksaltirishda ona tilining o‘rni va ahamiyati haqida mulohazalar aytildi. Kursantlar o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, Cho‘lpon ijodidan yod olgan she’rlari bilan ona tilimizga yuksak ehtirom ko‘rsatdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati