Ichki ishlar vazirligi akademiyasida harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida suzish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Muhtaram Prezidentimizning besh muhim tashabbusini hayotga izchil tatbiq etish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Qurolli Kuchlar akademiyalari, Bojxona instituti hamda Jamoat xavfsizligi universiteti jamoalari qatnashdi.
Musobaqa dasturiga binoan, jamoalar estafeta (4x50) va yuz metrga erkin usulda suzish bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Bahslarni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining malakali mutaxassislari boshqarib borishdi. Murosasiz kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida birinchi o‘rin IIV Akademiyasi kursantlariga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga esa Qurolli Kuchlar hamda Davlat xavfsizlik xizmati akademiyalari jamoalari sazovor bo‘ldi.
Musobaqa ishtirokchilarini taqdirlash marosimida IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etib, mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ona Vatanimiz taqdiriga daxldor, yetuk salohiyatli o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashda muhim poydevor bo‘layotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng g‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti va Jamoat xavfsizligi universiteti jamoalari faol ishtirokchilar qatorida taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati