Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yosh kitobxon” respublika tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlikni yanada ommalashtirish maqsadini ko‘zlagan tadbirda saralash bosqichi g‘oliblari qatnashdi.
Ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlari bo‘yicha bellashdilar. Hakamlar hay’atining bahosiga ko‘ra, 10–14 yoshdagilar orasida Ruxshona Bektemirova, 15–19 yoshdagilar orasida IIV Akademiyasi kursanti Kamronbek Ismoilov hamda 20–30 yoshdagilar orasida Mahzuna Sobirova g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi. Endi yosh kitobxonlar tanlovning Toshkent shahar bosqichida qatnashadilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati