Joriy yilning sentyabr oyida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashkil topganiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish va konferensiya materiallarini alohida to‘plam sifatida nashr etish rejalashtirilgan.
To‘plam uchun quyidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan maqola va tezislar qabul qilinadi:
- ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning rivojlanish bosqichlari;
- jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari;
- ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash jarayonlarini milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida tashkil etish;
- zamonaviy ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashning o‘ziga xos xususiyatlari;
- innovatsion ta’limning afzalliklari va inson kapitalini rivojlantirishdagi o‘rni;
- harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari uchun ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning dolzarb yo‘nalishlari;
- ichki ishlar organlari faoliyatini ustubiy ta’minlashning ijobiy tendensiyalari;
- jinoyatchilik, shu jumladan, latent jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, salbiy tendensiyalarni aniqlash va ularni bartaraf etishda ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyati;
- ichki ishlar organlari tizimida uzluksiz kadrlar tayyorlashning o‘ziga xos yondashuvlari, yutuqlar va mavjud muammolar;
- ichki ishlar organlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari va hokazo.
Maqola va tezislarga qo‘yilgan talablar:
- matn o‘zbek, rus yoki ingliz tilida, undagi fikrlar izchil, ilmiy asoslangan, manba va adabiyotlar aniq ko‘rsatilgan, tahrirdan o‘tkazilgan holda 5–10 betlar atrofida bo‘lishi;
- matn A4 o‘lchovidagi qog‘ozda, yuqori va pastdan 2 sm, chap va o‘ngdan 2,5 sm joy qoldirilgan holda 1 nusxada, elektron nusxasi esa MS Word dasturida “Times New Roman” shrifti, 14 kegel kattalik va 1,5 intervalda bo‘lishi;
- muallif o‘zi haqidagi ma’lumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ilmiy unvoni va darajasi, etektron pochta manzili) to‘liq yozishi hamda 3x4 sm hajmdagi fotosuratini (asl yoki elektron nusxa) yuborishi zarur.
Maqola va tezislar mazmuni, undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun muallif(lar) shaxsan javobgardir. Tashkiliy qo‘mita tomonidan ma’qullangan materiallar to‘plamga joylashtiriladi. Chop etilmay qolgan materiallar muallifga qaytarilmaydi.
Maqola va tezislar 2024-yilning 10-iyul kuniga qadar qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Intizor ko‘chasi, 68-uy.
Elektron pochta manzili: conference2024@akadmvd.uz
Murojaatlar uchun telefon raqami: +998(71)265-23-56.
IIV akademiyasi Ilmiy-tadqiqot
faoliyatini tashkil etish bo‘limi