Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JANUBIY KOREYALIK MUTAXASSISLAR BILAN UCHRASHUV

20 Aprel 2022, 03:04

1480

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Koreya Respublikasining Seul shahar politsiya agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, global xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikalari huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida delegatsiyalar almashinuvi faollashdi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov. – Hamkorlik aloqalari o‘zaro maslahatlashuvlar asosida global masalalarning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlanib bormoqda. Hozirgi murakkab sharoitda manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash orqali Koreya tajribasining ilg‘or jihatlarini o‘rganish ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash, ta’limga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

Seul shahar politsiya agentligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i, delegatsiya rahbari janob Lim Mansuk Artur sohaviy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, kadrlar malakasini oshirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi. Uning e’tirof etishicha, O‘zbekistonda ichki ishlar organlariga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, innovatsion ta’lim, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yo‘l harakati xavfsizligi tizimini raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarga qiziqish yuqori. Bu borada Janubiy Koreya o‘ziga xos tajribaga ega va hamkorlikni amaliy jihatdan kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Muloqot jarayonida mintaqaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatayotgan xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish, kadrlar tayyorlash, Janubiy koreyalik tajribali mutaxassislar ishtirokida o‘quv-trening va mashg‘ulotlar tashkillashtirish borasida takliflar bildirildi. Tomonlar hamkorlikning mazkur yo‘nalishlari bo‘yicha bir-birlarini qo‘llab-quvvatladilar. Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdilar.

Ta’kidlash joizki, tashrif doirasida Janubiy koreyalik mutaxassislar ishtirokida seminar-trening mashg‘ulotlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Shu kunning o‘zida Seul shahar politsiya agentligi vakillari Shin Kyon Sun va Shin Son Kyon tomonidan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash” hamda “Kiberxavfsizlikka qarshi kurashish” mavzulari bo‘yicha dastlabki mashg‘ulot o‘tkazildi. Hamkorlik kelishuviga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB xodimlari va Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun tashkil qilingan malaka oshirish kurslari 28-aprelga qadar davom etadi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech