Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YURT ISHQIDA YONGAN YURAK

03 Dekabr 2022, 07:12

1602

Ichki ishlar organlari faxriysi, marhum O‘tkir Jo‘rayev hayot bo‘lganda, yetmish yoshni qarshi olardi. Butun umrini el-yurt osoyishtaligiga bag‘ishlangan bu inson ibratga arzigulik sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Ezgu so‘zi va amallari bilan o‘zini manguga muhrladi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “O‘tkir Jo‘rayev zamondoshlari xotirasida” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uch avlod vakillari ishtirok etgan tadbirni vazir o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov ochib, O‘tkir Jo‘rayevning hayoti va serqirra faoliyatiga to‘xtaldi.

Samarqandning Urgut tumanida tavallud topgan O‘tkir Jo‘rayev o‘rta maktabdan so‘ng, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning huquqshunoslik fakultetida tahsil oldi. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini oddiy militsionerlikdan boshlab, kadrlar bilan ishlash xizmatida ko‘p yillar samarali mehnat qildi. Ayniqsa vazirlik Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan davrida soha uchun munosib kadrlarni tanlash, xodimlarning kasbiy saviyasi va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘z kasbiga sadoqati, fidoyiligi, tashkilotchi va jonkuyarligi tufayli obro‘-e’tibor qozondi.

– O‘tkir Parmonovich tabiatan bosiq, yetti o‘lchab bir kesadigan, shijoatli inson edi. Bu fazilatlar uning umr mazmunini bezab keldi. Mustaqillik yillarining mas’uliyatli davrlarida yelkama-yelka xizmat qilib, mashaqqatlarni yengib o‘tdik. Tajribali rahbar, fidoyi inson O‘tkir Parmonovichning sermazmun hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi, – dedi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov,

Xotira kechasida iste’fodagi general-mayor Erkin Norgitov, taniqli ijodkorlar Abdusaid Ko‘chimov, Mamatqul Hazratqulov, Zulfiya Mo‘minova, iste’fodagi polkovniklar Toir Hoshimov, Isomiddin Ismoilov, polkovnik Bernora Sodiqova va boshqalar so‘z olib, yorqin xotiralarni yodga olishdi.

– Ustozimizning ezgu fazilatlari ko‘p edi. O‘tkir akani, avvalo, xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilib, el-yurtda hurmat topgan inson sifatida bilaman. Bugun osoyishtalik yo‘lida o‘z halovatidan voz kechgan faxriylarimiz ishtirokida O‘tkir akani xotirladik. Tizimda xizmat qilayotgan yosh xodimlar bunday insonlar bilan doimo faxrlanishi kerak, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov.

– Umrni savobli ishlar, yaxshiliklar bilan bezash hammaga ham nasib etavermaydi. O‘tkir Parmonovich mazmunli hayot kechirdi. Shu o‘rinda do‘stimning ijodiy qirralarini ham alohida e’tirof etishni istardim. Uning she’riy armug‘onlari ma’naviyatimizning qimmatli xazinasidan joy oldi, – dedi prokuratura faxriysi Erkin Abzalov.

Chindan ham, O‘tkir Jo‘rayev ichki ishlar organlaridagi faoliyatini she’riyat bilan barobar olib borgan inson edi. U iste’dodli shoir sifatida barakali ijod qildi. Ichki ishlar organlaridan nafaqaga chiqqach, vazirlik Faxriylar kengashi faoli sifatida ko‘p yillik boy tajribasi va salohiyatini yoshlar bilan baham ko‘rdi. Tizimda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxsiy tarkibning kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, ayniqsa yosh xodimlarda ona Vatanga muhabbat va burchga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shdi. Shogirdlariga ustozlik qilib, hayotda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda “Yurt ishqida yongan yurak” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Samimiy va dilkash inson, odamlar qalbida ezgulik sohibi sifatida chuqur hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan polkovnik O‘tkir Jo‘rayevning hayot yo‘liga bag‘ishlangan mazkur risola tadbir ishtirokchilariga tuhfa bo‘ldi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech