Joriy yilning 30-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Lyanyungan shahrida “Global xavfsizlik masalasida politsiya akademiyalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi tashabbusi bilan onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan forumda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, shuningdek Osiyo, Yevropa, Afrika hamda Janubiy Amerika qit’asi davlatlaridan 80 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi vakillari qatnashdi.
Forumni XXR Jamoat xavfsizligi universiteti prezidenti Sao Shitsyuan ochib, geosiyosiy jarayonlar murakkablashib borayotgan hozirgi sharoitda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, global tahdidlarning oldini olishda ko‘p qirrali konstruktiv hamkorlik muhitini yaratish, umumiy manfaatlarni himoya qilish yo‘lida muloqot maydonini kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Xalqaro forumda kun tartibidagi dolzarb yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Xitoy, Vengriya, Argentina, Kamboja, Filippin va boshqa davlatlar vakillari so‘z olib, xalqaro hamkorlik dinamikasining hozirgi holatida erishilayotgan ijobiy natijalar, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish tendensiyalari, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimida istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, zamonaviy yondashuvlar asosida hamkorlikni muvofiqlashtirish borasida o‘z taklif hamda tavsiyalarini bildirishdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, zamonaviy ta’lim integratsiyada hamkor mamlakatlar oldida turgan ustuvor vazifalar, ayni jarayonda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishning muhim jihatlarini alohida ta’kidladi va forum doirasida manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Yuqori sur’atda o‘tgan forum yakunida ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda “ta’limda ko‘mak” platformasini yo‘lga qo‘yish, hamkor mamlakatlar geografiyasini kengaytirishga kelishib olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati