Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat madhiyamiz ijrosi bilan boshlangan tadbirda ta’lim muassasasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni mamlakatimiz tarixidagi shonli sana bilan muborakbod etdi.
Mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari istiqlolning dastlabki yillarida, mintaqamiz va qo‘shni respublikalarda turli qarama-qarshiliklar yuz berayotgan g‘oyat murakkab sharoitda tashkil qilingan edi. Qisqa fursatda mamlakat suvereniteti, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir milliy armiya shakllantirildi.
Ayniqsa so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev tomonidan tizimda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning harbiy va mudofaa salohiyati yuksaltirilib, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi, professional tayyorgarligi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. “Global Firepower Index” reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari hozirda jahonning 140 ta mamlakati orasida 54-o‘rinni, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha esa 1-o‘rinni egallab turibdi.
– Kuni kecha davlatimiz rahbari Vatan himoyachilari bilim va fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladilar. Ichki ishlar organlari uchun zamon talablariga mos kadrlar tayyorlashda kursantlarning kasbiy bilimlari, jangovar-jismoniy tayyorgarligi hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yangi O‘zbekiston yoshlari muqaddas qasamyodga sodiq qolib, bilim va tafakkur, shijoat va mardlikda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib kamolga yetsalar, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayotiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi. Xalqimiz ham ana shunday zabardast farzandlari bilan faxrlanadi, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i R. Xatamov.
Tadbirda o‘z hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek sharafli ishga bag‘ishlagan ichki ishlar organlari xodimlari hamda faxriylarining mashaqqatli xizmatlari alohida e’tirof etildi. Ta’lim maskani boshlig‘i davlatimiz rahbarining farmoniga binoan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishonini tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdi.
Shu kuni ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnatlari, yurtimiz tinchligi va barqarorligini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, ibratli faoliyati hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga ko‘ra “A’lo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, esdalik qo‘l soati va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
– Sohadagi mehnatlarimizning e’tirof etilgani jamoamizga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, – dedi “polkovnik” unvoni sohibi Laziz Alimov. – Bu e’tiborni yuksak ishonch, mas’uliyat va iftixor ramzi, deb bilaman. Yangi 2022 yilda ta’lim muassasamiz nufuzi va salohiyatini yanada yuksaltirish borasida ulkan maqsadlarni ko‘zlaganmiz. Barcha sa’y-harakatlarimizni ana shu ezgu maqsadga yo‘naltirib, davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalarni sharaf bilan bajaramiz.
Bayram tadbiri taniqli san’at namoyandalari va Akademiya badiiy havaskorlik jamoalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati