Yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish madaniyatini shakllantirish, ularning ona Vatanimiz va tanlangan kasbiga daxldorlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirish – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasida soha vakillari, yosh xodimlar, Akademiya kursantlari va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ana shu masalaga bag‘ishlandi. Ochiq muloqotda IIV Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Husniddin Davronov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Abduvohid Imyaminov, Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Davron Yuldashev so‘zga chiqdi.
– Ichki ishlar organi xodimi korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashishi orqali fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashi kerak, – dedi H.Davronov. – Afsuski, ayrim xodimlar nafs girdobiga tushib, tuban illatga qo‘l urmoqda. Mamlakatimizda “inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida ulkan islohotlar kechayotgan bugungi kunda tizim xodimlarining kasbiy odob-axloqini yanada yuksaltirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda yosh xodimlar va kursantlarga zarur kasbiy tavsiyalar berildi. Xususan, xizmat va kundalik hayotda huquqbuzarlik va jinoyatlarning har qanday ko‘rinishi, jumladan, korrupsiyaga nisbatan murosasiz kurashish, fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasbiy muomala madaniyatiga rioya qilish, ichki ishlar organlari xodimi degan yuksak nomga munosib bo‘lish – Vatanga va xalqqa sadoqatning oliy namunasi ekanligi ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati