Ma’lumki, Ichki ishlar vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.
Memorandumda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur universitet talabalari uchun amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Tadbir universitetning Amaliy filologiya fakultetida ta’lim olayotgan talabalarning nutq materiallari ekspertizasini amalga oshirishga oid amaliy mahoratlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Dastlab talaba yoshlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati, xususan, ekspert-kriminalistika yo‘nalishida kadrlarni tayyorlash, bu borada o‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan yangiliklar, shuningdek Kriminalistik poligonda yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan xatshunoslik ekspertizasi bo‘yicha master-klass mashg‘uloti o‘tkazildi. Matnli ashyoviy dalillarni tadqiq qilishda qo‘llaniladigan ilmiy-uslubiy va axborot-qidiruv tizimlari, xatshunoslik ekspertizasining yutuqlari borasida aytilgan mulohazalar talabalarning amaliy ko‘nikmalarni boyitishga xizmat qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati