Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Sirtqi ta’lim fakultetida bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi

03 Aprel 2022, 08:04

2158

IIV Akademiyasining Sirtqi ta’lim fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quv dargohi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining PQ-3216-son qarori asosida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Akademiyada sirtqi ta’lim shakli joriy qilingan edi. Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil qilingan fakultetda o‘quv jarayoni ikki yo‘nalishda – oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun to‘rt yillik, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar uchun esa to‘lov-kontrakt asosida uch yillik dastur asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy o‘quv yilida fakultetni oliy ma’lumotga ega 82 nafar tinglovchi bitirdi. Tinglovchilar ilg‘or pedagogik va interfaol yondashuvlar asosida ta’lim olib, davlat yakuniy attestatsiyasi imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdilar.

Bitiruv tadbirida Akademiya boshlig‘i so‘z olib, so‘nggi besh yilda ichki ishlar organlari faoliyati tubdan takomillashtirilgani, sohaga mutlaqo yangicha mexanizmlar tatbiq etilgani, izchil islohotlar natijasida tizim ijtimoiy yo‘naltirilgan xalqchil tuzilmaga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

– Muhtaram Prezidentimiz o‘z chiqishlarida “bundan buyon, ichki ishlar organlari faoliyatini baholashda aholi muammolarini hal etish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon etib belgilanadi”, degan edilar. Shu bois, zimmangizdagi ulkan burch va mas’uliyatni sidqidildan anglab, ona Vatanimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishingiz kerak. “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya faoliyatingiz mezoni bo‘lsin, – dedi ta’lim maskani boshlig‘i.

Shundan so‘ng bitiruvchilarga “jinoyatlarning oldini olish va fosh etish faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha “yurist” malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech