Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

She’riyati zavol bilmas shoir

26 Aprel 2022, 10:04

1375

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 68 yilligi munosib nishonlandi. 

O‘quv dargohining Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan adabiyot kechasida ijod ahli vakillari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar shoirning mazmunli hayoti, serqirra ijodi, ayniqsa betakror misralarida ulug‘langan oliyjanob tuyg‘ular, insoniy qadriyatlar haqida to‘lqinlanib gapirdilar. 

– Milliy adabiyotimizda Muhammad Yusufdek shoirning yashab, ijod qilgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi, – dedi IIV Akademiyasining 2-bosqich kursanti Javohir Abdusalomov. – Shoir inson qalbiga yo‘l topa yuksak iste’dod sohibi edi. U qoldirgan boy ma’naviy meros yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda. 

Yuksak iqtidor sohibi qisqa, ammo ibratli umr ko‘rgani, uning she’rlarida ona Vatanimizga cheksiz mehr va sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urib turishi, shu bois, el sevgan shoir chinakam ma’noda “yurt kuychisi” sifatida nom qozongani ta’kidlandi. Iqtidorli kursantlar Muhammad Yusuf she’rlaridan yod aytishdi.    

Xotira tadbiri poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida davom ettirildi. Tadbir avvalida kursantlar shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning barhayot siymosiga ehtirom ko‘rsatdilar. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Anvar Jabborov, Alisher Boymurodovlar shoir ijodining xalqchil jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi. 

Adabiy kecha davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Mangu osmon” spektakli ham namoyish etildi. Institut talabalari tomonidan sahnalashtirilgan sahna asarini tomoshabinlar ulkan maroq bilan tomosha qildilar. 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech