Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

SEKTOR RAHBARLARIGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI

10 Aprel 2022, 08:04

1268

Mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga zamin yaratmoqda.

Joriy yilning 4–8-aprel kunlari lavozimga yangi tayinlangan tuman (shahar) prokuratura, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarini sektorlar faoliyati yuzasidan boshlang‘ich o‘qitish bo‘yicha seminar-trening mashg‘ulotlarining birinchi bosqichi tashkil etildi.

Dasturga ko‘ra, qisqa muddatli o‘quv yig‘inining ikki kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida, uch kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘quv bazasida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlarga Davlat boshqaruvi akademiyasi, IIV Akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bosh prokuratura akademiyasidan tajribali mutaxassislar, shuningdek malakali professor-o‘qituvchilar jalb qilindi.

Tinglovchilar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini jamiyat hayotiga tatbiq etish, hududlarda sektorlar faoliyatini samarali tashkil qilish, mas’ul rahbarlarning boshqaruv qarorlarini qabul qilish va faoliyat samaradorligini baholash, aholi bilan manzilli ishlash natijadorligini oshirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududlarni kompleks rivojlantirish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalardagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish, ayniqsa huquqbuzarliklar profilaktikasini oqilona tashkil etish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha zarur bilim hamda tavsiyalarga ega bo‘ldilar. Shuningdek poytaxtimizning Olmazor, Sergeli, Yangihayot tumanlaridagi eng namunali sektorlar faoliyati tajriba tariqasida o‘rganilib, amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi. O‘quv yig‘ini yakuni bo‘yicha tinglovchilardan test sinovlari qabul qilindi.

Seminar-trening ishtirokchilariga sertifikat topshirish marosimida IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z oldi.

– Mazkur o‘quv yig‘ini sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish, sektor rahbarlarining aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishda boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ish vaqtini samarali taqsimlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish borasidagi kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Zero, barcha islohotlar inson qadrini ulug‘lashga, xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga yo‘naltirilgan, – dedi ta’lim maskani rahbari.

Tadbir so‘nggida o‘quv yig‘inini muvaffaqiyatli tamomlagan sektor rahbarlariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech