Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Sahnada To‘maris avlodlari

06 Mart 2022, 07:03

2620

Qizlarning munosib ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi davlatimizning doimiy e’tiborida. Ayniqsa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va munosib rag‘batlantirishga keng yo‘l ochmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston To‘marislari” ko‘rik-tanlovi yurtimiz yoshlarining ona Vatanimizga bo‘lgan sadoqatini namoyon etdi. Tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Jamoat xavfsizligi unversiteti, Bojxona instituti hamda IIV Akademiyasida ta’lim olayotgan qizlar o‘zaro bellashdilar.

Tadbir avvalida ayollarga yuksak ehtirom va e’tibor ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidan biri ekanligi, jamiyat hayotida xotin-qizlarning ijtimoiy-siysiy faolligi tobora yuksalib borayotgani e’tirof etildi.

– So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishida ham o‘sib kelayotgan qizlarimizning barkamol voyaga yetishishi, munosib ta’lim-tarbiya olishiga yo‘naltirilgan imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha tarixiy tashabbuslar ilgari surildi. Xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor yangilanayotgan O‘zbekistonimizning poydevorini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari uchta shart bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar.

Ilk chiqishda qizlar o‘zlari ta’lim olayotgan o‘quv maskanining faoliyati, hayotdagi maqsad va intilishlari, tanlovda ko‘zlagan marralari haqida so‘zlab bergan bo‘lsalar, ikkinchi shart ularning bilim va dunyoqarashi, intellektual salohiyati, zukkoligini sinovdan o‘tkazdi. Uchinchi shartda jamoa a’zolari ona Vatanimiz, buyuk ajdodlarimiz va milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatlarini ifodalab berishdi. Yoshlar hayoti bilan bog‘liq qiziqarli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbir yakunida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursant qizlarining chiqishlari “Eng kreativ jamoa” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari “Eng faol jamoa”, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari “Eng ijodkor jamoa” va Bojxona instituti kursantlari “Eng zukko jamoa” nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘ldilar.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech