Poytaxtimizdagi IIV Akademiyasi otaliqqa olgan 121-sonli o‘rta umuta’lim maktabida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.
Marosimda tuman hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Xalq ta’limi bo‘limi vakillari, IIV Akademiyasi rahbariyati, mahalla faollari, ta’lim maskani ustoz-murabbiylari va o‘quvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus asosida tashkil etilgan innovatsion markazning qulay imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 6-oktyabrda qabul qilingan “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda axborot texnologiyalarini o‘qitishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berilgan. Mazkur o‘quv markazi yoshlarning kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi, – dedi Akademiyaning Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Alisher Abdullaev.
Aytish kerakki, o‘quv markazi uchun maktab binosidan uchta sinfxona ajratilib, to‘liq rekonstruksiya qilindi. Har bir xona so‘nggi rusumdagi kompyuter uskunalari, shinam mebellar, internet tarmog‘i va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Mutaxassislarning aytishicha, maskan nafaqat o‘quvchi yoshlar, balki keng aholi vakillariga xizmat qilishga mo‘ljallangan. IT texnologiyalarga qiziquvchilar “Kompyuter savodxonligi”, “Veb dasturlash”, “Grafik dizayn, “Mobil ilovalar yaratish”, “Xorijiy tillarni o‘rganish” va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilimlarini yanada oshirish imkoniga ega bo‘ladilar. Bir so‘z bilan aytganda, yangi o‘quv markazi tuman yoshlariga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati