Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

G‘olib diplom va imtiyozni qo‘lga kiritdi

02 Aprel 2022, 06:04

2311

29-31-mart kunlari IIV akademik litseylari o‘quvchilari o‘rtasida huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Bilimlar bahsida olimpiadaning birinchi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kirtigan hududiy akademik litseylar hamda Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining bir nafardan o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar ikki tur bo‘yicha, ya’ni yozma ish va test sinovlari orqali o‘z bilim salohiyatlarini namoyon etdilar. Umumiy natijaga ko‘ra, birinchi o‘rin Toshkent viloyati akademik litseyi o‘quvchisi Zebo Ilhomovaga, ikkinchi o‘rin Xorazm viloyati akademik litseyi o‘quvchisi Og‘abek Nishanovga hamda faxrli uchinchi o‘rin Sirdaryo viloyati akademik litseyi o‘quvchisi Otabek Abduqunduzovga nasib qildi. G‘olib va sovrindorlarga diplom, badiiy adabiyotlar jamlanmasi hamda qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi. Shu kuni bir guruh faol o‘quvchilar Akademiya boshlig‘ining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

Fan olimpiadasining yakuniy bosqichi doirasida qiziqarli uchrashuvlar ham tashkil qilindi. Yoshlar ta’lim maskani bo‘ylab sayohat qilib, zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Ma’naviyat va ma’rifat markazida badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish qilindi.

Ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining qaroriga binoan, IIV akademik litseylarining huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilarning Akademiyaga o‘qishga qabul qilinishi uchun faqat maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tishlari yetarli hisoblanadi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech