Aprel oyining so‘nggi o‘n kunligida yurtimizning turli hududlarida qator sport musobaqalari o‘tkazildi. Quvonarlisi, mazkur bellashuvlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham munosib ishtirok etdi.
Jumladan, 20–26-aprel kunlari Buxoroda bel olish va uch kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Mamlakat birinchiligida Ulmeken Uzakbergenova bel olish kurashi bo‘yicha o‘z vazn toifasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
21–26-aprel kunlari Andijon viloyati ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qildi. Besh yuzga yaqin sportchi ishtirok etgan musobaqa kuchlilarni saralab berdi. Chempionatning 20 yoshli ishtirokchilari o‘rtasida Muyassar Kushmuratova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal va Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, 27–28-aprel kunlari poytaxtimizda fudokan karate-do bo‘yicha mamlakat birinchiligi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Azizbek Hoshimov, Amirxon Mamajonov, Husan Fayzullayev va Jasur Turopovlar turli yo‘nalishlarda faxrli birinchi hamda ikkinchi o‘rinlarni egallab, o‘z jamg‘armalariga navbatdagi medallarni qo‘shib qo‘ydilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati