Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy harakatida barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda.
Loyiha doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” poytaxtimizning Chilonzor tumanida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilyapti. Shu kungacha tumanning “Cho‘ponota”, “Beshchinor”, “Xirmontepa”, “Xalqlar do‘stligi”, “Katta Qozirabot”, “Charx Kamolon”, “Mevazor” va boshqa mahallalari hududida ulkan hajmdagi ko‘kalamlashtirish ishlari bajarildi.
– Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari boshlangan “Yashil makon” loyihasi mohiyatan bunyodkorlik, bag‘rikenglik, obodlik kabi xayrli amallarni targ‘ib etmoqda, – deydi polkovnik Ismoil Himmatov. – Bugun “Ko‘tarma” mahallasining o‘zida 250 tupdan ortiq mevali nihol, 3 mingga yaqin gul ko‘chatlari ekildi. Daraxtlar parvarishlanib, oqlandi. Bolalar maydonchalari, dam olish go‘shalari, sayilgohlar obodonlashtirildi. Zero, yon-atrofimiz, mahallalar, ko‘cha-yu yo‘llar qanchalik yashillikka burkansa, ruhiyatimiz shuncha sog‘lom bo‘ladi.
Darhaqiqat, inson yaratilibdiki, go‘zallikka intiladi. Mahallalarda yashil hududlarni barpo etish, mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
IIV Akademiyasi axborot xizmati