Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mehr-oqibat va poklik ayyomi

25 Mart 2022, 08:03

1516

Ezgulik va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam yurtimizda ko‘tarinki ruhda qarshi olindi. Boy tariximiz, betakror an’ana va qadriyatlarimizni tarannum etuvchi ayyom Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham munosib nishonlandi.

Tadbir munosabati bilan yozilgan bayram dasturxoniga ichki ishlar tizimi faxriylari, mahalla faollari, professor-o‘qituvchilar va xodimlar taklif etildi. Jo‘shqin karnay-surnay sadolari, o‘zbekona kiyingan qizlar tomonidan tortiq qilingan milliy taomlar mehmonlarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Ta’lim muassasasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

– Navro‘z mehr-oqibat, ezgulik va farovonlik, pok niyatlar timsolidir, – dedi Akademiya boshlig‘i. – Ushbu ayyom milliy o‘zligimiz, asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analarimiz, umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan. Shu bois, Navro‘zi olamni yurtimizda yashayotgan har bir millat va elat vakillari katta shodu-xurramlik bilan nishonlaydi. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, inson qadri va sha’nini ulug‘lashda Navro‘z ayyomi alohida o‘rin tutadi. Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi.

Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtimizda bu yilgi Navro‘zning tarovati o‘zgacha. Eng ulug‘ va aziz bayram har bir oila, xonadon, mahallaga cheksiz quvonch olib kirib, barchani buyuk maqsadlarga, tinchlikday bebaho ne’matning qadriga yetishga undamoqda. Hayotimizda kechayotgan mislsiz o‘zgarishlar, go‘yo Navro‘zi olamning pok qadami va ezgu nafasiga mushtarak uyg‘unlik kasb etmoqda.

Bayram tadbirida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, soha vakillarining samarali mehnatlari e’tirof etildi. Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan bir guruh xodimlar “Benuqson xizmatlari uchun”, “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari va boshqa mukofotlar bilan taqdirlandi. O‘quv dargohi boshlig‘i mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari, milliy kuy-qo‘shiqlarimiz barchaga bayram tarovatini bag‘ishladi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech