IIV Akademiyasining Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvda kunduzgi ta’lim o‘quv kurslaridan tarkib topgan uchta jamoa qatnashdi.
Dastlabki shartda kursantlar o‘z jamoalarini tanishtirib, tanlovda ishtirok etishdan ko‘zlagan maqsadlarini yoritib berdilar. “Erkin mavzu” deb nomlangan ikkinchi shart esa qiziqarli chiqishlar va hazil-mutoyibalarga boy bo‘ldi. Har bir jamoa o‘ziga berilgan vaqtdan unumli foydalanib, yoshlar hayotiga oid voqealarni yengil yumor va satirik chiqishlar orqali ko‘rsatib berdi.
– Ko‘rik-tanlov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli o‘g‘il-qizlar uchun erkin ijod qilish imkonini berdi, – deydi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, leytenant Ramziddin Bozorov. – Davlatimiz rahbarining besh muhim tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Akademiyamizda turli to‘garaklar tashkil etilgan. Kursantlar dars mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtlarida o‘z iqtidorlarini namoyon etib kelishmoqda. Joriy yilda bu kabi tanlovlarni turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz.
Bellashuv yakunida birinchi o‘rin 3-bosqich kursantlarining “Voydod” jamoasiga, ikkinchi o‘rin 2-bosqich kursantlarining “Qonun himoyachilari” jamoasiga va uchinchi o‘rin 1-bosqich kursantlarining “Yangi avlod” jamoasiga nasib qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati