IIV Akademiyasi xodimlarining navbatdagi ma’naviyat va ma’rifat darsi dolzarb mavzuga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori Munira Qahhorova, “Oltin qalam” mukofoti sohibi, jurnalist Shuhrat Oxunjonov hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Oydiniso Yo‘ldoshevalar taklif qilindi.
So‘zga chiqqanlar “ma’naviyat” tushunchasi, inson kamolotida ilm-ma’rifat va ma’naviy tarbiyaning o‘rni, xalqimiz hayotida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’ruza qilishdi.
Aytilganidek, dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlar davrida ma’naviyatni asrash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bugun ma’naviy tarbiya jamiyat a’zolarini bunyodkorlikka undovchi, insonlarga ezgulik ulashuvchi mustahkam kuchga aylandi. Jahonning ayrim mamlakatlarida sodir etilayotgan vayronkor xatti-harakatlarga razm solinsa, barchasining zamirida ma’naviyatsizlik, axloqsizlik, milliy tafakkur va ongning zaiflashgani kabi illatlar turgani yaqqol ayon bo‘lmoqda. Bunday sharoitda ma’naviy tarbiyani kuchaytirish, jamiyat a’zolari, ayniqsa yoshlarni vatanparvar, fidoyi, mehnatsevar, yurtga daxldor insonlar etib kamol toptirish, ta’lim-tarbiyani umuminsoniy qadriyatlar asosida oqilona yo‘lga qo‘yish muhim vazifa sanaladi.
Tadbirda ichki ishlar organlari tizimida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jurnalist Shuhrat Oxunjonov bu haqda to‘xtalib, yurtimizda kitobxonlik umummilliy harakatga aylanib borayotganini e’tirof etdi. “Ma’naviy dunyoqarashni o‘stirish, milliy o‘zlikni anglashda kitob eng yaqin ko‘makchidir. Tafakkuri teran, bilim salohiyati boy inson hech qachon yomon illatlarga qo‘l uymaydi. Jamiyatdagi yot g‘oyalarga qarshi sog‘lom fikr bilan kurashadi”, - dedi u.
“Ma’naviyat oyligi” doirasida kitob yarmarkasi ham uyushtirilib, qatnashchilar o‘z ehtiyojlariga qarab zarur adabiyotlarni xarid qilishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati