Ichki ishlar vazirligi akademiyasi sport majmuasida ko‘pkurash harbiy vatanparvarlik musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
“Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan bellashuvlarda kunduzgi ta’lim kursantlari sportning yengil atletika, armrestling, voleybol va suzish turlari bo‘yicha kuch sinashdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Akademiya rahbariyati, Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi, O‘quv-saf qismi, Kadrlar bo‘limi hamda O‘zbekiston Yoshlar ishttifoqi boshlang‘ich tashkiloti vakillari ishtirok etib, yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni e’tirof etib o‘tishdi. Kursantlarning kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish, vatanparvar, mard va jasur xodimlar etib tarbiyalash sport tadbirining ustuvor maqsadi ekanligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng musobaqaga start berildi. Murosasiz bellashuvlar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Jumladan, yengil atletikaning 100 metr masofaga yugurish bahslarida 110-guruh kursanti A. Temirov o‘g‘il bolalar, 109-guruh kursanti I. Bekmirzayeva esa qizlar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, mahoratli kursantimiz uch ming metr masofani bosib o‘tgan qizlar o‘rtasida ham yetakchilikni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida ushbu masofani 208-guruh kursanti S. Polatov birinchi bo‘lib kesib o‘tdi.
Uzunlikka sakrash bahslarida 104-guruh kursanti A. Temirov eng yaxshi natijani qayd etgan bo‘lsa, armerstling bellashuvida 104-guruh kursanti M. Muhamadjonov, 130-guruh kursanti N. Murodilov, 206-guruh kursanti X. Bekulov, 202-guruh kursanti M. Sultonov o‘z vazn toifalarida kuchlilar safida bo‘lishdi.
Ellik metr masofaga suzish musobaqasi ham qizg‘in kurashlar ostida o‘tdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, 204-guruh kursanti Sh. Saydullayev 31,4 soniya bilan shohsupani zabt etdi. Voleybol bahsida esa birinchi o‘rin 1-o‘quv kursining 1-otryadi kursantlariga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash rejalashtirilgan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati