Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan xoli mamlakatga aylantirishda birlashaylik!” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
Sirtqi ta’lim fakulteti tinglovchilari ishtirok etgan tadbirda korrupsiyaning davlat va jamiyat hayotiga ta’siri, ushbu illatni oziqlantiruvchi omillar, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.
O‘quv dargohi professori Sharif Qobilov o‘z ma’ruzasida korrupsiyaning kelib chiqish sabablariga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi. Ushbu illatga butunlay barham berishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bilan bir qatorda, eng avvalo, insonlar ongida sog‘lom immunitetni shakllantirish, jamiyat ildiziga rahna uruvchi xatarga qarshi hamjihatlikda kurashish lozimligini ta’kidladi. “Dolzarb masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Muhtaram Prezidentimiz o‘z chiqishlarida ushbu muammoga alohida to‘xtalib, tegishli vazifalarni belgilab beradilar. So‘nggi yillarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika komissiyasining tashkil etilgani, davlat dasturlari asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda”, - dedi notiq.
Tadbirda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tezkor vakili A.Ahmedov ham so‘zga chiqib, ayrim ichki ishlar organi xodimlari tomonidan sodir etilayotgan korrupsiyaviy jinoyatlarni misol keltirgan holda ushbu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganini bildirdi. Tinglovchilar kelgusidagi xizmat faoliyatlarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymasliklari, uning ayanchli oqibatlaridan doimo ogoh va hushyor bo‘lishlarini uqtirdi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan davra suhbatida sohaga doir huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ichki ishlar organi vakillari oldida turgan muhim vazifalar, xususan, korrupsiyaga qarshi xulq-atvorni shakllantirish yo‘llari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati