Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Kasbga sadoqat halollikdan boshlanadi

11 Mart 2022, 06:03

1921

Joriy yilning 15-fevral kuni Ichki ishlar vazirligida xizmat intizomini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida uchrashuv tashkil etildi.

Unda IIV Akademiyasi vakillari, IIB sohaviy xizmatlari rahbarlari, ta’lim muassasasini tamomlagan yosh xodimlar, shuningdek bitiruvoldi malakaviy amaliyotga jalb qilingan kursantlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Aytib o‘tilganidek, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari tizimi tubdan isloh qilinib, soha xodimlari faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim xodimlar tomonidan xizmat intizomining qo‘pol ravishda buzilayotgani tizimga nisbatan salbiy fikrlarning uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda IIV Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Husniddin Davronov so‘z olib, soha xodimlarining kasbiy, ma’naviy-axloqiy va jangovar-jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xizmat intizomini buzgan yoki korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan keskin intizomiy choralar qo‘llanilayotganini alohida ta’kidladi. Bu borada vazirlikda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalarga to‘xtalib, hududiy ichki ishlar organlarida amaliyot o‘tayotgan kursantlar va yosh xodimlarga xizmatni yuqori mas’uliyat, vatanparvarlik, halollik bilan olib borish, o‘z nomiga dog‘ tushiruvchi turli nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilish, Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish yuzasidan tavsiyalar berdi. “Kasbga sadoqat halollikdan boshlanadi. Endilikda salbiy xatti-harakatlar sodir etgan xodimni intizomiy jazo tariqasida boshqa xizmatga o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yiladi. Xodim sohaviy xizmat yo‘nalishi bo‘yicha eng quyi lavozimga uch oylik sinov muddati bilan tayinlanib, sinov muddati yakuni bo‘yicha navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiyadan qoniqarsiz o‘tganlarga nisbatan ichki ishlar organlaridan bo‘shatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi”, dedi H.Davronov.

Shuningdek yig‘ilishda viloyat IIB vakillari so‘zga chiqib, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan manzilli tadbirlar o‘tkazilayotgani, yosh xodimlar va amaliyotchi kursantlarning kunlik xizmatini to‘g‘ri tashkil etish borasida tegishli rahbarlarning mas’uliyati yanada oshirilishini ta’kidlashdi.

Shu kuni Akademiya vakillari vazirlik qoshidagi Farg‘ona akademik litseyi o‘quvchilari bilan ham uchrashdilar. Tadbirda soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash maqsadida amaliyotga tatbiq etilgan yangi mexanizmlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Akademiyada ta’lim olishni istagan o‘g‘il-qizlar kirish imtihonlari va o‘quv dargohida yaratilgan shart-sharoitlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech