Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yurtimizda Navro‘z shukuhi

22 Mart 2022, 06:03

1993

Navro‘z – bag‘rikenglikni tarannum etuvchi, insoniyatga ezgulik, baxt-saodat va poklik ulashuvchi ayyom. Uning har lahzasida tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, yurtni obod qilishdek xayrli amallar mujassam.

Joylarda bo‘lganidek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham yasharish va yangilanish ayomi ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olindi. Bayram arafasida xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo‘lmish obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirildi. Ta’lim maskani hududi, yon mahallalardagi ko‘p qavatli uylar atrofi, ariq va yo‘l yoqalari ko‘rkam holga keltirildi. Yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalarga ko‘mak berildi.

Bayram munosabati bilan Akademiya saf maydonida o‘tkazilgan tadbirda o‘quv dargohi rahbariyati, soha faxriylari, ustoz-murabbiylar hamda tinglovchi-kursantlar ishtirok etdi. So‘z olganlar yig‘ilganlarni ayyom bilan tabriklab, Navro‘zning mohiyati, tinchlik-osoyishtalikning qadr-qimmati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Yangi O‘zbekiston yoshlari ilmu ma’rifati, bilim va salohiyati bilan buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishi, muqaddas Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashi, mamlakatimizning buguni va farovon kelajagi yo‘lida yuksak cho‘qqilarga intilishi lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirda o‘qishdagi yutuqlari, faol tashabbus va fidoyiligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh kursantlar Akademiya boshlig‘ining bo‘yrug‘i bilan tadqirlandi. Yurtimiz bo‘ylab Navro‘zi olam nafasi kezib yurgan shu kunlarda bayram tadbirlari davom ettirilmoqda. Tizim faxriylari va xizmat paytida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari holidan xabar olinib, mehr-muruvvat ulashilmoqda.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech