Oçiqlik, tezkorlik va xolislik
Öz Ўзб Рус En

Yangiliklar

JINOYATÇILIKKA QARŞI KURAŞIŞNING DOLZARB MUAMMOLARI XALQARO VA MAHALLIY EKSPERTLAR NIGOHIDA

25 Noyabr 2022, 21:11

2679

Bugun, 25-noyabr kuni Içki işlar vazirligi akademiyasida “Jinoyatçilikka qarşi kuraşişning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya bölib ötdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunçilik palatasi va Senati vakillari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatçilikka qarşi kuraşiş boşqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ekspertlari, qator vazirlik va idoralar mutasaddilari, şuningdek onlayn formatda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belarus, Qirğiz, Qozoğiston va Tojikiston Respublikalarining yetakçi ta’lim muassasalaridan mutaxassislar iştirok etdi.

Konferensiya işini IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov oçib, global va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan xavf-xatarlar, barqaror rivojlaniş va jinoyatçilikka qarşi kuraşişda köp qirrali hamkorlikni mustahkamlaş masalalari, bu borada Özbekiston milliy strategiyasining ustuvor jihatlariga atrofliça töxtaldi.

– Hozirgi murakkab şaroitda jinoyatçilik masalasi köp qirrali hamkorlikni taqozo etadigan dolzarb muammoga aylandi, – dedi Oliy Majlis Qonunçilik palatasi Spikerining birinçi örinbosari Akmal Saidov. – Keyingi yillarda mamlakatimiz milliy tajribasida jinoyatçilikka qarşi kuraşiş va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini oliş böyiça samarali tizim yaratildi. Ayniqsa Özbekistonning global barqarorlikni ta’minlaşga qaratilgan qat’iy taşabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Bugungi ilmiy-amaliy konferensiya şunisi bilan ahamiyatliki, unda jinoyatçilikka qarşi kuraşişning huquqiy mexanizmlarini takomillaştiriş, ayni jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuçaytiriş orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltiriş, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytiriş borasida muhim tavsiyalar bildirildi.

Konferensiyada BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatçilikka qarşi kuraşiş boşqarmasining Markaziy Osiyoda odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarşi kuraşiş böyiça mintaqaviy maslahatçisi Reda Sirgediyene, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik qömitasi raisi örinbosari Tolibjon Madumarov va boşqalar söz olib, anjumanning muhim yönalişlariga e’tibor qaratdi. 

Şundan söng mahalliy va xalqaro ekspertlarning “Zamonaviy Özbekiston jinoyat qonunçiligini takomillaştirişning dolzarb yönalişlari”, “BMT Giyohvand moddalar va jinoyatçilikka qarşi kuraşiş boşqarmasining odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarşi kuraşiş böyiça taşabbuslari”, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan boğliq jinoyatlarga qarşi kuraşişning muammo va yeçimlari”, “Kiberjinoyatlarni tergov qiliş metodikasini takomillaştiriş masalalari”, “Jinoyatçilikka qarşi kuraşişning yangi vektorlari”, “Raqamlaştiriş davrida jinoiy siyosatning asosiy tendensiyalari” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.

Kunning ikkinçi yarmida konferensiya işi belgilangan mavzular böyiça alohida şöbalar körinişida davom ettirildi. Munozaralar jarayonida jinoyatçilikka qarşi kuraşişning nazariy va amaliy jihatlari, xususan, yangi körinişdagi tahdidlarning oldini olişda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalaniş, sohaning huquqiy asoslarini takomillaştiriş, bu borada ayrim davlatlar milliy qonunçiligining öziga xos xususiyatlari, ta’lim sohasida tajriba almaşinuvini kengaytirişda istiqboldagi asosiy yönalişlar yuzasidan batafsil fikr almaşildi. Mazkur sohadagi muammolarning ilmiy-amaliy yeçimlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar işlab çiqildi. Iştirokçilar konferensiya yakunlariga bağişlangan ilmiy maqolalar töplamini çop etişga kelişib oldilar.  

Xalqaro konferensiya doirasida Inson huquqlari böyiça Özbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Içki işlar vazirligi akademiyasi örtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Çop etiş
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech