Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining 3-bosqich talabalari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida amaliy stajirovka o‘tadilar.
Ta’lim muassasalari o‘rtasidagi kelishuv memorandumi doirasida tashkil etilgan mashg‘ulotlar psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga yo‘naltirildi.
Mashg‘ulotlar davomida turli mavzular bo‘yicha psixologik treninglar o‘tkazildi. Talabalar bitiruv kurs ishlari doirasida psixodiagnostik metodikalardan foydalangan holda test so‘rovlarini amalga oshirib, shaxs psixologik portretini yaratish metodikasi yuzasidan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirdilar. Talabalar ichki ishlar organlari uchun psixolog-mutaxassislarni tayyorlash jarayoni, ta’limda qo‘llanilayotgan interfaol metod va zamonaviy yondashuvlar, shuningdek Psixologik ta’minlash markazining imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarning so‘nggi kunida ta’lim muassasalari yoshlari o‘rtasida “Psixologiya bilimdoni” mavzusida viktorina ham tashkil etildi. Qiziqarli ruhda o‘tgan bahs yoshlarning sohaga doir bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati