Huquqshunos olim, yuridik fanlar doktori, professor Zarip Zaripov 74 yoshida olamdan o‘tdi.
Zarip Zaripov 1947-yilda Turkmaniston Respublikasining Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan. Toshkent oliy militsiya maktabi (hozirgi IIV Akademiyasi)ni tamomlagandan so‘ng, xizmat faoliyatini Toshkent shahar IIBning siyosiy-tarbiyaviy ishlar bo‘limida boshlagan. 1973–75-yillarda Ichki ishlar vazirligining Tergov boshqarmasida tergovchi vazifasida ishladi. 1975–79-yillar Moskva oliy militsiya maktabining adyunkturasida tahsil olib, yuridik fanlar bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
So‘ng Toshkent oliy militsiya maktabining Fuqarolik huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida xizmat faoliyatini davom ettirdi. 1979-yildan 1988-yilgacha Kriminologiya va jinoyatlarni oldini olish kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra boshlig‘i lavozimlarida ishlab, tinglovchilarga saboq berdi. 1988–1992-yillar davomida oliy maktab boshlig‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib, o‘quv muassasasi salohiyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shdi. Keyinchalik 1992-yildan 2004-yilgacha Kriminologiya va yuridik psixologiya, Kriminologiya va jinoyat ijroiya huquqi, Kriminologiya va jazoni ijro etish huquqi, Kriminologiya kafedralarida, 2004–2006-yillari esa Jinoyatlarning oldini olish kafedrasiga rahbarlik qildi. Ko‘p yillik izlanishlari samarasi o‘laroq, yuridik fanlar doktori ilmiy darajasi hamda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Tizimdagi munosib xizmatlari uchun “polkovnik” unvoni bilan taqdirlandi.
Zarip Zaripov huquqshunoslik ilmini rivojlantirish, soha uchun yosh tadqiqotchilarni yetishtirishda o‘ziga xos maktab yaratgan olimdir. Uning 50 ga yaqin darslik va qo‘llanmalari, 200 dan ortiq ilmiy maqolalari nashr etilgan. Qolaversa, professor Zarip Zaripov huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishida ham faol jonbozlik ko‘rsatgan. Olimning soha faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan taklif hamda tavsiyalari, ilmiy-nazariy qarashlari xalqaro miqyosda alohida e’tirof etilganini aytish joiz.
Professor Zarip Zaripov huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlar tayyorlash jarayonida ta’limni amaliyot bilan uzviy bog‘lash, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasini ilmiy jihatdan tadqiq etishga munosib hissa qo‘shdi. Yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilib, minglab shogirdlar tayyorladi. Ular orasida nafaqat yurtimiz, balki MDHning boshqa davlatlardan yetishib chiqqan olimlar ham ko‘p. Hozirda ular ustozning sharafli yo‘lini davom ettirib kelishmoqda.
Zabardast olim, mehribon ustoz Zarip Zaripovning yorqin xotirasi IIV Akademiyasi jamoasi va shogirdlarining qalbidan aslo o‘chmaydi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati