Qarshi shahar IIO FMBda xodimlarning kasbiy fazilatlari va ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik J.Ataev, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik X.Atanazarov, IIV Akademiyasi boshlig‘ining yordamchisi, polkovnik I.Himmatov, shuningdek bir guruh yosh xodimlar, hududiy ichki ishlar organlarida amaliyot o‘tayotgan kursantlar va ularning ota-onalari qatnashdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, xodimlarning kasbiy, jangovar vqa jismoniy tayyorgarligini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish dolzarb masala ekanligini ta’kidladilar.
Ayniqsa so‘nggi paytlarda soha xodimlari tomonidan xizmat intizomini buzish, mansab vakolati, tamagirlik, poraxo‘rlik bilan bog‘liq salbiy illatlar sodir qilinayotgani, fuqarolar murojaati bilan ishlash, ularning muammolarini hal etishda qonuniy talablardan chetga chiqilayotgani, ayrim yosh xodimlarda kasbiy fazilatlarning to‘liq shakllanmagani oqibatida tizim sha’niga putur yetkazuvchi holatlar yuzaga kelayotgani tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Soha mutasaddilari ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xodimlar o‘z kasbiy salohiyatlarini muntazam ravishda yuksaltirib borishlari lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek yig‘ilishda yosh xodimlar va kursantlar ham so‘zga chiqib, zimmalariga yuklatilgan sharafli vazifalarni halol va vijdonan bajarish, ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishda yuksak namuna ko‘rsatishlarini bildirdilar.
Tadbir davomida “Korrupsiya – jaholatga yo‘l” filmi namoyish qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati