Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab mehmonlar o‘quv muassasasi faoliyati bilan tanishdilar. Xalqaro tashkilot vakillariga zamonaviy ta’lim jarayonlari, professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilg‘or yondashuvlar, akademiyaning xalqaro munosabatlari haqida ma’lumot berildi. Tanishuv davomida mehmonlar diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirib, o‘quv dargohining istiqbolli salohiyatini yuqori baholadilar.
Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i huzurida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar, ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi maslahatchisi Abe Naomi xonim muloqot uchun minnatdorlik bildirar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani va mamlakatdagi islohotlar jarayonida JICA tashkiloti ham o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. “Mazkur loyihalar ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, shu jumladan, ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir”, dedi u.
O‘z navbatida, akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar azaliy do‘stlik ruhida barqaror rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.
“Yaponiya jahonning eng ilg‘or davlatlaridan biri sanaladi. Mamlakatingiz inson kapitali orqali taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga erishdi. O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlarining bugungi holatida hamkorlik aloqalari barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda. Shu ma’noda, JICA tashkiloti bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz”, dedi akademiya boshlig‘i.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini muhokama qildilar. JICA ko‘magida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bilan Yaponiyaning nufuzli o‘quv muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, innovatsion ta’limni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tomonlar hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati