30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida yosh xodimlar va kursantlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bugun yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajak taqdiriga yuksak darajada e’tibor qaratilyapti. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z salohiyati va iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Akademiya rahbari mamlakatimizning hal qiluvchi kuchiga aylanayotgan yoshlarni muborakbod etarkan, bu boradagi davlat siyosatining ezgu samaralari barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ham yaqqol namoyon bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.
– Davlatimiz rahbari “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur”, deb ta’kidlagan edilar. Yoshlarimiz bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban o‘z salohiyat va intilishlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari lozim, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Tadbir so‘nggida sharafli kasb yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh yosh xodimlar faol tashabbus va yutuqlari uchun Akademiya rahbariyati tomonidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati