Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ezgu fazilatlar sohibi edi...

16 Mart 2022, 01:03

1339

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri marhum ichki ishlar xodimi, polkovnik Xolmaxamat Zokirovning yorqin xotirasiga bag‘ishlandi.

Tizim faxriylari, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etgan tadbirni o‘quv dargohi rahbari Rustam Xatamov ochib, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

– Xayrli amallari, insoniy fazilatlari bilan umr mahzanini bezagan fidoyilar oramizda ko‘p. Ibrat olsa arzigulik kasb yo‘lini bosib o‘tgan ustozlarimizdan biri Xolmaxamat aka Zokirov edi. Bunday insonlarning faoliyati soha xodimlari, ayniqsa yoshlarni Vatanni sevishga, tinchlikning qadriga yetishga, el-yurt ravnaqi yo‘lida halol xizmat qilishga undaydi, – dedi o‘quv dargohi rahbari  

Chindan ham, Xolmaxamat Zokirov ichki ishlar organlarida shonli yo‘lni bosib o‘tgan insonlardan. Uning salkam o‘ttiz yillik zahmatli faoliyati el-yurtimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida o‘tgan. U ko‘p yillar Toshkent viloyati IIB, Toshkent shahar IIBB, keyinchalik Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati bosh boshqarmasida rahbarlik lavozimlarida xizmat qildi. Kasbiga sadoqati, kamtarligi, fidoyiligi bilan hamkasblari va el-yurt orasida obro‘ qozondi.

– Xolmaxamat aka bilan bir mahallada tug‘ilib voyaga yetganmiz, – deydi iste’fodagi polkovnik O‘skan Abduhakimov. – Ularni ham maslakdosh do‘st, ham ustoz, deb bilganman. Taqdir taqozosi bilan ko‘p yillar yelkama-yelka xizmat qilib, kasb sinovlarini birgalikda yengib o‘tdik. Xolmaxamat aka tabiatan kamgap, og‘ir, jiddiy salobat bo‘lsalar-da, nihoyatda xushfe’l inson edilar. Yaxshilik qilishni, mahalla-ko‘yning yaxshi-yomon kunida bahamjihat bo‘lishni xush ko‘rardilar.

Safdoshlarining e’tirof etishicha, el-yurt osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli kasbni zimmasiga olgan xodimlar borki, Xolmaxamat Zokirovning insoniy fazilatlariga havas qiladi. U kasb qiyinchiliklaridan aslo cho‘chimas, murakkab vaziyatlarni bukilmas irodasi, qat’iyati, mulohazali chora-tadbirlari bilan yengib o‘tardi. Ayniqsa sohada ish boshlagan yosh xodimlarni alohida qadrlab, boy tajribasi va amaliy ko‘nikmalarini ularga o‘rgatardi.

– Judayam mas’uliyatparvar, jonkuyar inson edi, – deya xotirlaydi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik G‘ayratjon Boltaboev. – Uning rahbarlik, tashabbuskorlik qobiliyatiga havas qilardim. Har qanday holatda ham jamoaning fikrini tinglar, qaror qabul qilishda “yetti o‘lchab, bir kesar”di. Vazirlik tizimida ishlagan yillari sohada qator islohotlar amalga oshirildi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. U soha uchun yuzlab shogirdlarni tarbiyaladi. “Ustoz-shogird” an’analari asosida kamol topgan xodimlar bugun yo‘l harakati xavfsizligi tizimida samarali xizmat qilishmoqda.   

2004-yilda polkovnik Xolmaxamat Zokirov Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i etib tayinlandi. O‘quv dargohida faoliyat yuritayotgan zabardast ustozlar o‘sha yilarni iliq xotiralar bilan yodga olishadi. Xolmaxamat akaning sa’y-harakatlari bilan ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limida mutaxassislik kafedralari filiallari tashkil etildi. Ilmiy salohiyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi. Akademiyada yangi inshootlar, jumladan, serjantlar tarkibi xodimlarini tayyorlash kursi tinglovchilari uchun qo‘shimcha yotoqxona binosi barpo qilindi. Biroq bevaqt o‘lim Xolmaxamat Zokirovni 53 yoshda erta oramizdan olib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, uning zalvorli umri, boy tajribasi, ezgu fazilatlari kelgusi avlodlar uchun xayrli amallar bo‘lib qoldi.

– Oilada ikki o‘g‘il, ikki qiz voyaga yetdik. To‘g‘ri tarbiya olib, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda otamning ulkan hissalari bor. Kasb taqozosi bilan gohida kunlab ularni ko‘rmasdik, ba’zan oila davrasida yig‘ilganimizda mehrlaridan to‘yib olardik. Otam qisqa umr ko‘rdilar, biroq hammamiz uchun ibrat bo‘la oladigan yo‘lni bosib o‘tdilar. Bugun oilamiz davomchilari, farzandlarim otamning o‘gitlari bilan kamol topayotganidan xursandman, – deydi Shavkat aka Zokirov. 

Tadbirda polkovnik Xolmaxamat Zokirov haqida qimmatli fikrlar bildirildi, uning hayoti va faoliyati yoritilgan hujjatli film namoyish etildi. So‘zga chiqqanlar tomonidan ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, yosh xodimlarni ona yurtga muhabbat, tanlagan kasbiga sodiqlik ruhida tarbiyalashda bu kabi uchrashuvlarning dolzarb ahamiyati borligini ta’kidlandi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech