Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Ezgu an’anani Yangi O‘zbekiston yoshlari munosib davom ettirib kelishmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Xonobod” mahallasida o‘tkazilgan daraxt ekish aksiyasi yuzlab yoshlarni xayrli maqsad yo‘lida birlashtirdi. Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir mahalla ahliga bayramona kayfiyat ulashdi.
Loyiha doirasida 2 gektar bo‘sh yer maydon obodonlashtirilib, 1000 dona pavloniya daraxti ekildi. Mahalla faollarining aytishicha, pavloniya eng tez o‘suvchi daraxt bo‘lib, noyob xususiyatlarga ega. Uning katta barglari jazirama issiqda atrofni mo‘tadillashtiradi, yuqori haroratga chidamliligi va ko‘rkam ko‘rinishi bilan insonga xushkayfiyat bag‘ishlaydi.
– Daraxt ekish aksiyasida faol qatnashganimdan xursandman, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining IIV Akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti faoli Muhammadmirzoxon Vahobov. – Ona tabiatni asrab-avaylash yurtimizdagi har bir insonning burchi bo‘lmog‘i kerak. Chunki mahallalar obod bo‘lsa, yurtimiz farovon bo‘ladi.
Aksiyada Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ko‘ngilli sifatida ishtirok etib, xayrli ishga munosib hissa qo‘shganlarini alohida ta’kidlash joiz.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati