Yig‘ilishni IIV Akademiyasi boshlig‘ining yordamchisi, polkovnik I.Himmatov olib bordi.
Har yili ta’lim muassasasini turli mutaxassislik bo‘yicha yuzlab o‘g‘il-qizlar tamomlab, ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini boshlaydi. Hozirda Sirdaryo viloyati IIB va uning hududiy organlarida ham ko‘plab yosh kadrlar samarali xizmat olib borib, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga hissa qo‘shishmoqda. Ammo shaxsiy tarkib orasida o‘z xizmat burchini unutib, salbiy xatti-harakatga qul urgan, nojo‘ya qilmishi tufayli intizomiy jazoga tortilgan xodimlar ham yo‘q emas. Bu kabi holatlarning barvaqt oldini olish esa dolzarb vazifalardan biridir.
Yig‘ilishda ayni shu masala muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, so‘nggi besh yilda IIV Akademiyasini tamomlagan kadrlarning faoliyati, ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan xizmat intizomini buzish holatlari, shaxsiy tarkib bilan olib borilgan profilaktik ishlar natijasi sarhisob qilindi. So‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yangi avlod ichki ishlar organlari xodimiga qo‘yilayotgan talablar, bu borada qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirib o‘tishdi.
Bevosita muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Akademiyaning kunduzgi ta’lim 3-o‘quv kursi kursantlari va ularning ota-onalari ham ishtirok etdi. Yosh mutaxassislarni tizim faoliyatiga dog‘ tushiruvchi salbiy illatlardan himoya qilishda “ustoz-shogird” an’analarining ta’sirchanligini oshirish, ota-onalarning mas’uliyatini kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati