IIV Akademiyasida tashkil etilgan davra suhbatida vazirlik huzuridagi Tergov departamenti, Ekspert kriminalistika bosh markazi, Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazidan tajribali xodimlar, shuningdek Dastlabki tergov va kriminalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda kursantlar ishtirok etdi.
“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyatlarni tergov qilishni takomillashtirish” mavzusidagi tadbir avvalida kafedra boshlig‘i, podpolkovnik B.Murodov “tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha bilim olayotgan kursantlarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash zamonaviy ta’limning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidladi.
Davra suhbatida sohaning malakali ekspertlari so‘z olib, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashilayotganiga qaramay, ushbu muammo jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgani, so‘nggi yillarda yangi turdagi jinoyatlarning paydo bo‘lishi insoniyat salomatligiga katta xavf tug‘dirayotganini aytib o‘tishdi.
Mutaxassislarning fikricha, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi tobora o‘sib bormoqda va bu davlatlarning kriminogen barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Mamlakatimiz jinoyat qonunchiligida bu borada aniq javobgarlik belgilangan bo‘lib, huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammolarga oqilona yechim topilmoqda.
Bahs-munozara ruhida o‘tgan davra suhbatida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyatlarni tergov qilishni yanada takomillashtirish, jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish hamda mazkur turdagi jinoyatlarga qarshi kurash samaradorligini oshirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati